Mazmunga o'tish

O‘zbekiston Prezidenti ijtimoiy himoya sohasida yangi mexanizm va takliflarni ma’qulladi.

Yaratilgan: Ko'rishlar soni: 7

O‘zbekiston Prezidenti ijtimoiy himoya sohasida yangi mexanizm va takliflarni ma’qulladi.
O‘zbekiston Prezidenti ijtimoiy himoya sohasida yangi mexanizm va takliflarni ma’qulladi 2026-yil 17-aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy xizmatlar qamrovi va sifatini oshirish hamda ijtimoiy himoya sohasidagi qonunchilikni yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda ijtimoiy himoya tizimini yangi bosqichga olib chiqish, davlat yordamini manzilli va shaffof yetkazish, xizmatlarni raqamlashtirish hamda proaktiv tarzda ko‘rsatishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Nogironligi bo‘lgan shaxslar, doimiy parvarishga muhtoj fuqarolar, nogironligi bo‘lgan farzandlarni tarbiyalayotgan oilalar, zo‘ravonlikdan jabrlangan ayollar va ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlash ustuvor yo‘nalish etib belgilangan. Taqdimotda ruhiy nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ijtimoiy xizmatlar tizimini tubdan takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi. Asosiy maqsad — ularning jamiyat hayotida to‘laqonli ishtirokini ta’minlash, oilaviy muhitga yaqin sharoitlarda kompleks xizmatlar ko‘rsatish va ularning parvarishlovchilarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Asosiy yangiliklar: 2026-yil 1-iyundan boshlab rivojlanishida nuqsoni aniqlangan 0–3 yoshli bolalar uchun "Erta aralashuv" (Early Intervention) xizmati bosqichma-bosqich joriy etiladi. Unda logopedik, korreksion-pedagogik va davolovchi jismoniy mashg‘ulotlar tashkil etiladi. Tug‘ma nuqson bilan tug‘ilgan bolalarning qo‘shimcha tibbiy tekshiruvlari va jarrohlik amaliyotlari xarajatlari Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan qoplanadi. I va II guruh ruhiy nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun "Yangi kun" kunduzgi parvarish, uyda parvarish, "Madad" kichik guruh uylari va "Social Respite" qisqa muddatli parvarish xizmatlari joriy etiladi. Ushbu xizmatlar davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat tashkilotlari tomonidan ko‘rsatiladi. 2026-yilda 8 300 nafardan ortiq fuqaro ushbu xizmatlardan foydalanishi, 600 ga yaqin NNT va tadbirkor jarayonga jalb qilinishi rejalashtirilgan. 2026-yil 1-sentabrdan boshlab og‘ir darajadagi intellektual nogironligi bo‘lgan 18 yoshdan katta shaxslarni parvarish qilayotgan qonuniy vakillar uchun yangi oylik parvarish nafaqasi joriy etiladi. "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazlari vakolatlari kengaytirilib, vasiylik va homiylik tizimidagi nazorat vazifalari ularga yuklatiladi. "Muruvvat" internat uylari bosqichma-bosqich zamonaviy "G‘amxo‘rlik" markazlariga aylantiriladi. Bu markazlarda sport, ijod, mehnat terapiyasi, mustaqil hayot ko‘nikmalarini shakllantirish va oilaviy tipdagi kichik uylar tashkil etiladi. Nogironlik belgisi bo‘yicha kamsitish uchun javobgarlik kuchaytiriladi, sud qarorlarining nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay formatda taqdim etilishi ta’minlanadi hamda Yagona ijtimoiy reyestr orqali manzilli xizmatlar kengaytiriladi. Kunduzgi parvarish markazlariga qatnaydigan nogironligi bo‘lgan bolalarning ota-onalari uchun 3 million so‘mgacha bo‘lgan to‘lovlar daromad solig‘idan ozod etiladi, ushbu xizmatni ko‘rsatuvchi tadbirkorlar esa 2030-yilgacha soliq imtiyozlariga ega bo‘ladi. I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularning bir nafar hamrohi uchun shahar jamoat transportida bepul qatnov huquqi joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Zo‘ravonlikdan jabrlangan ayollarni avtomatik ravishda ish qidiruvchi sifatida ro‘yxatga olish va bandligini ta’minlash bo‘yicha yangi tizim yaratiladi. Bolalar huquqlarini himoya qilish, voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlik va pornografiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik yanada kuchaytiriladi. Taqdimot yakunida Prezident taklif etilgan barcha tashabbuslarni ma’qulladi hamda ularni amalga oshirishga qaratilgan tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni imzoladi.